“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” tomonidan joriy yilning 19 may kunidan boshlab yangi mahsulot — AI-95 markali avtomobil yoqilg‘isining ilk partiyasi birja savdosiga qo‘yildi. Bu haqda Energetika vazirligi zavod Matbuot xizmatiga asoslanib xabar beradi.

Ushbu mahsulot “Farg‘ona NQIZ” MCHJ tomonidan so‘nggi paytlarda zavodda yo‘lga qo‘yilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida o‘zlashtirildi. So‘nggi ikki oy ichida “FNQIZ"da “YeVRO-4” standartidagi dizel yoqilg‘isi va B-92 markali yuqori oktanli aviatsiya benzini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Zavod mutaxassislariyoqilg’ining yangi formulasida faqatgina gidrokatalitik jarayonlarning tarkibida oltingugurt miqdori kam bo‘lgan sifatli birikmalardan foydalangan bo‘lib, ular ish rejimi va atrof-muhit haroratidan qat’iy nazar dvigatellarning normal ishlashini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom-ashyo birjasi orqali savdoga qo‘yilgan AI-95 benzini xossalari yanada yaxshilangan va chiqindi gazi bilan zaharlanish darajasi past bo‘lgan oliy navli benzin sirasiga kiradi.