“Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi Prezident Farmoni (PF-6240, 02.06.2021 y.) qabul qilindi.

Farmon bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi.

Farmonga ko‘ra, 2021-yil 1-sentyabrdan ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

2021-yil 1-noyabrdan:

  • xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandan so‘ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi;
  • xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni O‘zbekiston rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qat’i nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda 24 oy davomida import qilishga ruxsat etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi yoki olib kiruvchi tomonidan rioya etilmagan hollarda yuridik shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan so‘ng birinchi marta sodir etilganda — realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, qonunchilik hujjatlari, texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalari buzilgan hollarda mansabdor shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan so‘ng birinchi marta sodir etilganda — BHMning 40 baravarigacha miqdorda ma’muriy jarima ta’sir chorasi belgilandi.