Ildizi Oʻzbekistonga borib taqaluvchi Dubayning Zip24 startapi $1,2 millionlik sarmoyalarni jalb qildi. Bu haqda MenaBytes xabar berdi, maʼlumotni esa startap bosh direktori Muzaffar Qoraboyev ham tasdiqladi.

Zip24 — bu elektron tijorat sohasida logistika, yetkazmalar zanjiri va buyurtmani mijozgacha yetkazib berish boʻyicha xizmatlar majmuini boshqarish SaaS B2B tizimi hisoblanadi. Zip24 omborlarni avtomatlashtirish, distributsiya va yetkazib berish, korxonadagi logistika biznes jarayonlari boʻyicha tayyor funksionalni oʻz ichiga oladi.

“Bizning mahsulotimiz assortimenti tufayli kompaniyalar yetkazib berishda yana-da moslashuvchan boʻlib bormoqda, biz ularning baʼzida daromadlarining uchdan bir qismini oladigan vositachilarga qaramligini kamaytirishga yordam beramiz”, — dedi Muzaffar Qoraboyev.

Zip24 ushbu mablagʻni oʻz texnologiyasini takomillashtirishga, shuningdek, Toshkentda sotish va marketing guruhini kengaytirishga sarflashni rejalashtirmoqda. Yil oxiriga qadar kompaniya Buyuk Britaniyada oʻz vakolatxonalarini ochmoqchi.