Hukumat qarori (458-son, 24.07.2021-y.) bilan Qishloq xoʻjaligi birlashmalarining a’zolari, meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilari va tadbirkorlik sub’yektlariga mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv koʻchatlar (pakana va yarim pakana) hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, subsidiyalar koʻchatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun beriladi (danak va urugʻdan koʻpaytirilgan payvandtaglar bundan mustasno).

Subsidiyaning bazaviy hisoblash miqdori sotib olinadigan koʻchatlar va payvandtaglarning har bir donasi uchun quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • intensiv meva va uzum koʻchati uchun — 8 000 soʻm;
  • payvandtag uchun — 2 500 soʻm.

Subsidiya miqdori tok koʻchatlari (xoʻraki va kishmishbop) uchun 0,15, urugʻli mevalar uchun 0,50, danakli mevalar uchun 0,75, yongʻoq mevalar uchun 1,00 koeffitsiyentlarni bazaviy hisoblash miqdoriga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.

Har yili 1-noyabrga qadar loyiha tashabbuskorlarining intensiv koʻchatlar turlari, navlari va miqdoriga boʻlgan talabini aniqlash maqsadida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish boʻyicha loyihalarning manzilli roʻyxati shakllantiriladi.