Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Xususan, Zangiota tumanida 1 ming 494 ta sanoat korxonasi bor. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan qariyb 600 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Bu yil 15 ta loyiha amalga oshirilib, yana 51 milliard so‘mlik quvvat tashkil etiladi.

Zangiota sanoat markazi loyihasi 116 gektar maydonda barpo etiladigan ushbu sanoat hududida 165 ta loyihani joylashtirish mo‘ljallangan. Ularning samarasida 12 mingta ish o‘rni yaratish, 48 million dollarlik eksport qilish va 9 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish hisob-kitob qilingan.

Angren shahrida korxonalar soni nisbatan kam — 577 ta bo‘lsa-da, ularning salohiyati yuqori. Shaharning Toshkent viloyati sanoat hajmidagi ulushi 28 foiz. Joriy yilning 6 oyida u yerda 2 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulotlar tayyorlangan. Ikkinchi yarim yillikda yana 15 ta loyiha ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 560 million dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 39 mingta ish o‘rni, 3 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Toshkent tumanida umumiy qiymati 335 milliard so‘mlik 32 ta, Chirchiq shahrida umumiy qiymati 422 milliard so‘mlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.