Internetdagi yutuqli oʻyinlar orqali buxorolik fuqaroni chuv tushirgan fargʻonalik yigit qoʻlga olindi, deya yozmoqda “Daryo” Fargʻona viloyati IIB axborot xizmatiga tayanib.

Maʼlum boʻlishicha, Shofirkon tumanida yashovchi 22 yoshli fuqaro Sh.I. ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotganda ehtiyotsizligi tufayli virtual firibgarlikka duch kelgan.

Nomaʼlum shaxs Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi “Agrobank info” kanalidan foydalanib, Sh.I.ning shaxsiy profiliga “Agrobankmobile” ilovasi orqali ulangan. Va Sh.I.ga “Agrobankmobile” orqali 1 million 417 ming soʻm miqdorida yutuq taqdim qilinganligini aytib, uning ishonchiga kirgan.

Nomaʼlum shaxs goʻyoki ushbu yutuqli pullarni Sh.I.ning plastik kartasiga oʻtkazishini aytib, buning uchun uning plastik kartasi hamda telefon apparatidagi Click kodini olishga erishgan.

Oradan bir necha daqiqa oʻtgach, plastik kartasidan 759 ming 250 soʻm pul yechib olingani haqidagi SMS xabarni oʻqigan Sh.I. shaxsi nomaʼlum fuqaroning shaxsiy profiliga yozishga uringan. Biroq bu urinishlar foydasiz yakunlangan.

Buxoro viloyat IIB xodimlari tomonidan tezkorlik bilan olib borilgan oʻrganuv ishlari natijasida nomaʼlum fuqaro shaxsiga aniqlik kiritilgan. U fargʻonalik 20 yoshli J.N. ekanligi maʼlum boʻlgan.

“Ayni paytda fargʻonalik yigit bilan tergov-surishtiruv ishlari olib borilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan ish qoʻzgʻatilgan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu oʻrinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan virtual firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlaridan hushyor boʻlishni talab qilamiz”, — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

Shu oʻrinda Spot ham barcha fuqarolarni ogoh boʻlishga chaqiradi.

Internetda mana shunday firibgarlik yoʻli orqali oʻzgalarning pulini oʻzlashtirish holatlari koʻp uchramoqda. Eng avvalo, aldanib qolmaslik uchun hech kimga bank plastik kartangizga kelgan kodni aytmang.

Hech qanday bank xodimi sizga qoʻngʻiroq qilib, profilaktika ishlari olib borilayotganini, sizga SMS-kod kelishi va uni xodimlarga aytishingizni iltimos (talab) qilishga huquqi yoʻq. Va bunday toifadagi insonlar bank yoki toʻlov tashkilotlariga aloqador emas.