Taniqli tadbirkor, MFaktor loyihasi asoschilaridan biri Husan Mamasaidov “Kun.uz"ga bergan intervyusida biznesdagi muammolar va yosh tadbirkorlarning kamchiliklari haqida fikr bildirib oʻtdi.

Uning fikricha, biznesmenlik qobiliyatini xudo yuqtirgan insonlar koʻp, shu bilan birga, faqat tadbirkorlik ilmini bilish orqali biznesingizni kengaytirish imkoni koʻproq boʻladi.

“Albatta, xudo baraka bersa, biznesning ilmini bilmasdan ham baraka topgan insonlar koʻp. Lekin hammaning ham togʻasi yo amakisi tijoratdagi inson emas-da. Bundan tashqari, biznesdagi eng katta muammo — yoshlarning koʻpi rus tili yoki ingliz tilini bilmasligida ekan”, — deydi u.

Taʼkidlashicha, akasi Hasan Mamasaidov bilan birga kanstovar bozoriga kirgan paytlarida, ulardan zoʻrlari koʻp boʻlgan. Ular esa hammasini toʻrt quti ruchka olib boshlagan.

“Bozorda ishlaydigan yaxshi akalarimiz bor, ular haligacha 3×4 oʻlchamli doʻkonda oʻtirishibdi. Biz ulardan mol olib sotishni boshlagandik… Lekin hozirgi kunda bizning korxonamiz kerak boʻlsa “Quyoshli"dagi 400ta doʻkondan kamida 100tasiga tovar yetkazib beradi” , — Husan Mamasaidov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, avval pulning kuchi bilan bitta uskuna olib kelsa boʻldi edi, hozir esa million dollarlik uskuna qoʻysa ham, savdosi boʻlmaydi. Tadbirkorlar endi tushunishyapti: marketingni bilish, savdoni tizimlashtirish, xodimlarni qanaqa boshqarishni, KPI-ni qanday yoʻlga qoʻyishni, nimani vaʼda qilish va nimani vaʼda qilmaslikni oʻrganish kerak ekan.