Samsung Electronics kompaniyasi oʻzi ishlab chiqargan televizorlarini masofadan turib bloklay oladi. Bu haqda kompaniyaga tayanib XDA Developers xabar bermoqda.

Brend televizorlarida TV Block funksiyasi mavjud boʻlib, u televizorni masofadan bloklash imkonini beradi. Bu televizordan faqat uning qonuniy egasigina foydalanishini kafolatlaydi. Ushbu texnologiyadan maqsad televizorlarning oʻgʻirlanishiga qarshi kurashish hisoblanadi.

Taʼkidlanishicha, ushbu funksiya kompaniyaning barcha televizorlarida oʻrnatilgan.

Funksiya oʻgʻirlangan televizor seriya raqami kompaniya serveridagi roʻyxatga kiritilishi bilan faollashtiriladi. Bunday televizor internetga ulanganda, uning dasturi seriya raqami roʻyxatda bor-yoʻqligini tekshiradi va uni topgudek boʻlsa, televizorning barcha funksiyalari bloklab qoʻyiladi.