Markaziy bank inflyatsiya darajasi ortishining asosiy xatarlarini keltirdi.

Umumiy inflyatsiya darajasi o‘zgarishsiz qolayotgan bo‘lsada, bazaviy inflyatsiyadagi pasayish dinamikasi va amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari yil so‘ngigacha inflyatsiyani 10 foizlik prognoziga erishishda qo‘llab-quvvatlovchi omillar bo‘ladi.

Bazaviy inflyatsiya darajasining kelgusida yanada barqaror pasayishi:

  1. ichki iste’mol bozorida taklif hajmlarini ko‘paytirish;
  2. ishlab chiqarish unumdorligini oshirish;
  3. raqobat muhitini yaxshilash borasida ko‘riladigan choralar samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Bundan tashqari, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari muvozanatlashgan taqdirda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining sezilgan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalari pasayish dinamikasiga o‘tishi kutilmoqda.

Ichki valyuta bozoridagi vaziyat, so‘mning real samarali almashuv kursi dinamikasi va unga nisbatan fundamental bosimning kutilmayotganligi kelgusi oylarda iste’mol savatidagi import va importga bog‘liq bo‘lgan tovarlar narxlarining nisbatan barqaror shakllanishiga hamda ularning ichki narxlarni barqarorlashtiruvchi rolini oshishiga xizmat qiladi.