Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda loyihalarni ishlab chiqishga sarmoya va yangi texnologiyalarni jalb qilish maqsadida mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi Saudiyaning “Desert Technologies” kompaniyasi vakillari Gabriel Diaz Angomas va Yan Xoffbekning O’zbekistonga tashrifini tashkil qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar beradi.

“Desert Technologies” fotoelektr tizimlari ishlab chiqaruvchisi, EPC va O&M pudratchisi, fotoelektr panellari va mahsulotlarini ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniyaning ishlab chiqarish obyektlari Jidda shahrida joylashgan.

Tashrif chog’ida kompaniya vakillari bir qator vazirliklar mutasaddilari bilan, hamda “O'zeltexsanoat”, “O'zqurilishmateriallari” uyushmalarida muzokaralar o’tkazdilar.

Muzokaralar natijasida energiyani tejaydigan zamonaviy quyosh qurilmalarini joriy etish bilan bir qator qo’shma sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish to’g’risida kelishuvlarga erishildi.