“Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida"gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, jumladan, Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, oʻquvchilarning bino ichida harakatlanishi va taʼlim olishlari uchun maxsus sharoitlar yaratilgan maktablarda inklyuziv va boshlangʻich tayanch korreksion sinflar tashkil etiladi.

Bunda oʻquvchilar birinchi sinfga 7 yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi.

Shuningdek, maktablar uchun belgilangan yosh meʼyoridan ikki yilga oshgan bolalarni qabul qilishga ruxsat etiladi.

Oʻquvchilarni mazkur sinflarga qabul qilish hududiy xalq taʼlimi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.

Inklyuziv taʼlim sinflarida jami oʻquvchilar soni 30 nafardan oshmasligi kerak.

Inklyuziv va boshlangʻich tayanch korreksion sinflarga faqat bir xil tibbiy tashxisdagi oʻquvchilar qabul qilinadi.

Qarorga koʻra, inklyuzif taʼlim sinflari oʻqituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi quyidagicha:

  • sinfda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bir nafar bola uchun — lavozim maoshining 10 foizi;
  • 2 nafar bola uchun — lavozim maoshining 20 foizi;
  • 3 nafar bola uchun — lavozim maoshining 30 foizi;
  • ikki va undan ortiq inklyuziv taʼlim sinflarida 4 nafar va undan ortiq bola uchun taʼlim-tarbiya ishlarini olib borgan oʻqituvchilarga va maxsus pedagoglarga — lavozim maoshining 30 foizi miqdorida.