Bir necha soat avval “Oʻzkomnazorat” tomonidan Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va Odnoklassniki tarmoqlarining Oʻzbekistondagi faoliyati cheklab qoʻyildi.

Mazkur vaziyat butun jamoatchilik orasida norozilik keltirib chiqardi. Ushbu xabar hatto davlat rahbarigacha yetib bordi.

“Hukumat koʻrsatmasiga asosan „Oʻzkomnazorat“ tomonidan bir yoqlama, uzoqni oʻylamay qilingan harakat haqida Prezident xabar topdilar. Oʻylaymanki, tez orada barcha tarmoqlarga ulanish tiklanadi”, — dedi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Shuningdek, uning yozishicha, davlat rahbarining topshirigʻiga asosan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻi Gʻolibsher Ziyayev notoʻgʻri va kelishilmagan xatti-harakatlari uchun egallab turgan vazifasidan chetlatilgan, roʻy bergan holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib boriladi.

Ayni paytga kelib, cheklangan tarmoqlarning faoliyati qayta tiklanmoqda.