Ichki ishlar vazirligiga tegishli “topilmalar stoli"ni tugatish hamda yo‘qolgan narsalarni qabul qilish funksiyalarini DXAga o‘tkazish taklif qilinmoqda.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, 2022-yil 1-martdan boshlab Davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash, egalariga qaytarish yoki ularni davlat arxiv idoralariga topshirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda.

Yo‘qotilgan ashyolarni qidirish bo‘yicha murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham qabul qilinadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-martga qadar “Topilmalar” avtomatlashtirilgan qidiruv tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim YIDXP bilan integratsiya qilinadi.