“Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazi, YaIDXP (my.gov.uz) hamda turli veb-sayt va onlayn platformalar orqali avtomototransport vositalariga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi orqali “avtomobil tarixi"ga oid quyidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda olish xizmati joriy etilmoqda, jumladan:

  • ️avtotransport vositasining agregat ma’lumotlari, taxminiy yurgan masofasi;
  • ️avtotransport vositasining garovda ekanligi yoki unga nisbatan taqiq mavjud/mavjud emasligi to‘g‘risidagi;
  • ️fuqarolik-huquqiy shartnomalar (ishonchnoma, ijara, hadya, oldi-sotdi shartnomasi, meros va boshqalar) tuzilganligi;
  • ️yo‘l transport hodisasi sodir etilganligi;
  • ️avtotransport vositasiga yo‘lovchi tashish bo‘yicha litsenziya varaqasi olinganligi (olinmaganligi) haqidagi ma’lumotlar;
  • ️bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligi to‘g‘risidagi va boshqa ma’lumotlar.

Qayd etish kerakki, berilayotgan ma’lumotlar axborot xarakteriga ega bo‘lib, kelgusida rasmiy harakatlarni amalga oshirish uchun asos bo‘lmaydi.

Shaxsga doir ma’lumotlarning kafolatlanishini ta’minlash maqsadida, ma’lumotlarda mulk egasi haqidagi shaxsiy ma’lumotlar, shuningdek tezkor-qidiruv, mudofaa va xavfsizlikka oid avtotransport vositalariga oid ma’lumotlar aks ettirilmaydi.

Xizmat ixtiyoriy ravishda, muayyan haq evaziga (BHMning 20 foizi) ko‘rsatiladi.

Ushbu xizmat ikkilamchi bozorda avtomobil savdosida firibgarlik holatlarining oldini olishda yordam beradi.