Shavkat Mirziyoyev 4-mart kungi videoselektor yigʻilishida talabalarning bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan bir qator topshiriqlar berdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.

“Barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat beriladi”, deydi prezident.

Mutasaddilarga davlat korxonalaridagi vakansiyalar boʻyicha har chorakda talabalar oʻrtasida tanlovlar eʼlon qilib borish topshirilgan. Har bir tarmoq rahbari oʻz sohasidagi oliygohlar bilan tizimli ishlab, salohiyatli talabalarni tanlab borishi kerak boʻladi.

Taʼkidlanishicha, Markaziy bank har yili 3−4-kurs talabalari oʻrtasida tanlovlar eʼlon qilib, 60 nafar talabani haq toʻlanadigan stajirovkaga jalb qilish tizimini yoʻlga qoʻygan. Stajirovka yakunida eng yaxshi talabalarga doimiy ish taklif qilinadi.

Bunda, viloyat hokimlari ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlar tashkil etishi lozim.

Shu bois, viloyat hokimlari, rektorlarga 1-apreldan boshlab har bir oliygohda mehnat yarmarkalarini oʻtkazish topshirildi.