Ichki valyuta bozorida valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining amalga oshirilishini yanada takomillashtirish, jumladan, bozor ishtirokchilari tomonidan yuqori standartlarga asoslangan bozor faoliyatini tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan “Ichki valyuta bozorida Etika kodeksi” ishlab chiqildi.
Kodeks ichki valyuta bozori ishtirokchilarining barqaror faoliyat koʻrsatishiga asos boʻlib, barcha manfaatdor tomonlarning qonuniy huquq va manfaatlarini hisobga olgan holda halol va xolis faoliyat yuritishlari uchun shakllangan umumaxloq normalari jamlanmasi hisoblanadi.
Mazkur Kodeks ichki valyuta bozorining yaxlitligi va samaradorligini ta’minlash va takomillashtirishga qaratilgan boʻlib, qonunchilik hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻzda tutilmagan masalalarni tartibga solish boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega.
Kodeks ichki valyuta bozorida quyidagi asosiy tamoyillarni oʻz ichiga oladi:
- ️Professionalizm − ichki valyuta bozorida faoliyat olib boruvchi mas’ul xodimlarning professional darajada tegishli tajriba, texnik bilim, malaka va koʻnikmalarga ega boʻlishi;
- ️Ma'lumotlar konfidensialligi − bozor ishtirokchilari tomonidan oʻz mijozlariga xizmat koʻrsatish jarayonida olgan konfidensial ma’lumotlarni saqlash, himoya qilish va ulardan foydalanish;
- ️Manfaatlar toʻqnashuvi − ichki valyuta bozori ishtirokchilarining xizmat majburiyatlarini ob’yektiv va xolisona bajarishiga ta’sir koʻrsatadigan bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaatlar toʻqnashuvi;
- ️Bozor manipulyatsiyasi − bozor ishtirokchilari tomonidan bozorning boshqa ishtirokchilarini chalgʻitish va bozor faoliyatini barqaror ishlashiga toʻsqinlik qilish maqsadida chalgʻituvchi narxlarda buyurtmalarning kiritilishi yoki talab, taklif va savdolar hajmining sun’iy ravishda oshirilishi;
- ️Axborot almashish va kommunikatsiya − bozor ishtirokchilari oʻrtasida ma’lumotlar shaffofligi ta’minlanishi, axborot almashinuvida professional yondashilish hamda notoʻgʻri ma’lumotlar tarqatilmaslik;
- ️Mijozlar bilan munosabatlar − bozor ishtirokchilari va oʻz mijozlari oʻrtasidagi axloqiy me’yor va professionallikka amal qilingan munosabatlar.
Bugungi kunda “Ichki valyuta bozorida Etika kodeksi” tijorat banklari tomonidan qabul qilingan holda ichki valyuta bozoridagi faoliyati Kodeks qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda.
Batafsil ko’rish uchun.