Prezident suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish boʻyicha bir hafta muddatda alohida dastur qabul qilinishini ma’lum qildi.
Suv xoʻjaligi vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 1-oktabrga qadar:
- 4,5 ming kilometr sugʻorish tarmoqlarini tozalash va 231 kilometrini betonlash;
- 3 mingta gidrotexnik inshootni ta’mirlash;
- 3,5 mingta nasos oʻrnatish, 490 kilometr nasos quvurlarini ta’mirlash va 281 ta quduq qazishni ta’minlash topshirildi.
Ushbu maqsadlar uchun 300 milliard soʻm mablagʻ bosqichma-bosqich ajratiladi.
“Oʻtgan yili dekabr oyida 2022-yil uchun tijorat banklariga 2 trillion soʻm imtiyozli kredit resurslari berilgan edi.
Biroq, bugungi kunga qadar tijorat banklariga kiritilgan 790 milliard soʻmlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25−30 foizi moliyalashtirilgan xolos", dedi Prezident.
Shuning uchun mahsulot yetishtirishni moliyalashtirish boʻyicha qoʻshimcha yangi tizim joriy etiladi.
Bunda mablagʻlar Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan yillik 10 foiz stavkada Bogʻdorchilik agentligiga bir yilga beriladi.