“Ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Hukumat qarori (208-son, 22.04.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-dekabrgacha е-ngo.uz elektron portalida ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning quyidagi mexanizmlari joriy etiladi:
- NNTlar tomonidan dasturlar ishlab chiqishda qatnashish, ularning ijrosini monitoring qilish, monitoring natijasi boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan hujjatni, qonunchilik hujjatlari loyihalariga oid takliflarni mas’ul davlat organlariga kiritish;
- NNTlarning dasturlar yuzasidan bergan takliflarini koʻrib chiqish natijalarini elektron portalga joylashtirish;
- NNTlarning jamoatchilik nazorati yakunlari boʻyicha tayyorlagan hujjatlarini davlat organlariga yuborish va ularni koʻrib chiqish natijalarini e’lon qilish.
2023-yil 1-yanvardan quyidagilar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan elektron portalga majburiy joylashtiriladi:
- ️ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning loyihalari;
- ️loyihalarni amalga oshirish uchun NNTlarga davlat ijtimoiy buyurtmasini berishga oid e’lonlar;
- ️kelgusi yil uchun jamoat fondlariga yuboriladigan buyurtmanomalar;
- ️davlat ijtimoiy buyurtmasi natijalari, mablagʻlarning sarflanish holati.
Ma’lumot uchun: Mazkur elektron portal Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga onlayn xizmat koʻrsatish maqsadida ishlab chiqilgan.