Toshkent viloyatida quyosh fotopanellari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda, deb yozadi poytaxt viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Nurafshondagi tsex 2022-yilda ishga tushishi kutilmoqda. Bu yerda Renerca (Free Volt) ishtirokida yiliga 40 ming toʻplamgacha fotoelementlar ishlab chiqariladi. Kompaniya ishlab chiqarishga $34 mln.dan ortiq sarmoya kiritadi.

Hozirda viloyatda 75 ta elektrotexnika korxonasi ishlab turibdi va ularning yillik ishlab chiqarish hajmi $180 mln.dan oshadi.2024-yil oxirigacha 5875 nafar aholi bandligini taʼminlaydigan yana 38 ta loyiha amalga oshiriladi, shulardan 16 tasi joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, reja amalga oshirilgach, sohada ishlab chiqarish qariyb uch barobarga — yiliga $513 mln.gacha oshadi. Mahsulot eksporti $91,4 mln.ni, import oʻrnini bosish hajmi esa $271 mln.ni tashkil etadi.

Oʻtgan hafta Shavkat Mirziyoyev hokimlarga elektrotexnika sohasiga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha topshiriq bergan edi. Har bir hududda kamida $100 mln.lik loyihalarni, Toshkent, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida klasterlarni yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi.

Renerca 2019-yil iyun oyida tashkil etilgan. Firmaning yagona taʼsischisi Qozogʻistonda roʻyxatdan oʻtgan “RENERCA” kompaniyasidir.