Shavkat Mirziyoyev raisligida Tovar-xomashyo birjasida savdolarni koʻpaytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda ayrim turdagi yuqori likvidli tovarlar birjaga qoʻyilmagani oqibatida ularning narxlarida oʻsish kuzatilayotgani taʼkidlangan.

2021-yilgi paxta hosilidan qariyb 1,5 mln tonna texnik chigit olingan. Lekin shundan birjaga 939 ming tonnasi yoki 56%i chiqarilgan. Birjadan chigit olgan 119 ta yogʻ-moy korxonasidan 20 tasi paxta yogʻini birja savdolariga umuman qoʻymagan. Shu bois yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyilgani ustidan tizimli nazorat oʻrnatish vazifasi qoʻyilgan.

Bunda birjaga qoʻyish majburiy boʻlgan tovarlarni, ayniqsa, texnik chigit va paxta yogʻini toʻgʻridan-toʻgʻri sotgan korxonalarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi.

Yil yakuniga qadar eksport-import mahsulotlarining birja savdolari hajmini $500 mln.ga olib chiqish vazifasi qoʻyildi.

1-iyuldan boshlab eksport uchun 10 ming tonna mis, 50 ming tonna qora metallar, 15 ming tonna oltin-gugurt, 1 mln kvadrat metr qurilish oynasi birjaga qoʻyiladi.

Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xorijdagi elchilar va savdo maslahatchilari bilan birga mineral oʻgʻit, neft mahsulotlari, koʻmir, yogʻoch kabi mahsulotlar boʻyicha birja savdolarini boshlash uchun kamida 100 ta xorijiy yirik ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdo korxonalarini jalb qilish topshirildi.

Shu bilan birga, joriy yil 1-iyuldan boshlab birja savdolari orqali eksport-import qilishda:

  • xorijiy yetkazib beruvchilarga elektron raqamli imzoni majburiy olish tartibi bekor qilinadi;
  • xorijiy kompaniyalar uchun oldindan toʻlov va birja xizmatlari toʻlovi bekor qilinadi;
  • tadbirkorlarga toʻlovlarni kafolatlash bank akkreditivi singari birja kliring tizimi orqali ham taʼminlanadi.