Markaziy bank 2022-yil aprel oyi uchun “Aholining daromadlar kesimida inflyatsiya darajasi va sezilgan inflyatsiya” hisobotini chop etdi.

2022-yilning aprel oyida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlar tomonidan sezilgan inflyatsiya pasayuvchi dinamika koʻrsatib, 14,6% ni tashkil etgan.

Javoblarning mediana qiymati 11,4% atrofida shakllangan.


Shu bilan birga, umumiy javob beruvchilar tarkibida sezilgan inflyatsiyani 9−12% atrofida his qilgan respondentlar soni koʻpchilikni tashkil qilgan.


Respondentlarning koʻpchilik qismi aprel oyida oʻsimlik yogʻi, shakar, non, qandolat va un mahsulotlari qimmatlaganini sezishgan. Ichimliklar, dukkakli mahsulotlar hamda aloqa va internet narxi biroz oshganini taʼkidlashgan.


Faoliyat sohalari boʻyicha umumiy ovqatlanish, qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi hamda tibbiyot sohalarida faoliyat yuritayotgan respondentlar tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi boshqa soha vakillariga nisbatan yuqoriroq shakllandi.

Statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2022-yilning aprel oyi yakunlari boʻyicha yillik inflyatsiya 10,4%, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi esa 13,4% ni tashkil etgan. Markaziy bank hisobotida qayd etilishicha, isteʼmol tovarlari narxlarining oʻzgarishi aholining turli daromadli guruhlariga turlicha qiymatga ega boʻlgan.

Aprel oyida barcha daromad guruhlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsishi sekinlashgani kuzatilgan va bu ayrim asosiy turdagi meva va sabzavotlarning yangi hosili chiqishi hisobiga narxlarning mavsumiy pasayishi bilan izohlanmoqda.

Qayd etilishicha, yillik hisobda oziq-ovqat inflyatsiyasi oʻsishining sekinlashgani, ayniqsa, nisbatan kam daromadli (2−4 mln soʻmgacha) guruhlar uchun inflyatsiyaning sezilarli pasayishiga sabab boʻlgan.

Soʻrovlardan maʼlum boʻlishishicha, aprel oyida ijtimoiy tovarlar narxlari oʻsishi oʻtgan oyga nisbatan (yillik hisobda) 11,8% gacha sekinlashgan boʻlib, bunda, umumiy inflyatsiya bilan farq 1,4% gacha qisqargan. Maʼlumot uchun, ijtimoiy tovarlarga quyidagilar kiritilgan: mol goʻshti, qoʻy goʻshti, parranda goʻshti, tuxum, kartoshka, piyoz, sabzi, olma, guruch, birinchi navli bugʻdoy uni, obinon, oʻsimlik yogʻlari va shakar (umumiy inflyatsiya tarkibidagi vazni — 15,4%).


Ijtimoiy tovarlar narxlarining oʻsishi sekinlashishini oʻsimlik yogʻlari (kungaboqar va paxta yogʻi), kartoshka va tuxum narxlarining yillik hisobda pasayishi (oʻtgan yilning aprel oyida yuqori baza effekti) bilan izohlanmoqda.

Barcha daromad guruhlarida nooziq-ovqat tovarlari narxi yuqoriroq shakllangan, bu, Markaziy bank hisobotiga koʻra, tashqi omillar, logistika va import masalalari bilan bogʻliq.