“O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini 2025 yilgacha takomillashtirish konsepsiyasi hamda uni 2022 — 2023 yillarda amalga oshirish “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Farmonga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub ob’ektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.

Seysmik zaif ijtimoiy soha obyektlarining ro‘yxati har yili 1 aprelgacha shakllantirib boriladi hamda instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish ishlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tashkillashtiriladi.

2022-yil 1-oktyabrdan respublikadagi ko‘p kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va xatlov natijasiga ko‘raekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.

2023 yil 1 maydan suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligini doimiy kosmik monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilib, mazkur yo‘nalishdagi mas’ul davlat organlari kosmik suratlar hamda ishlov berilgan ma’lumotlar bilan ta’minlab boriladi.

Shuningdek, 2022 — 2025 yillar davomida Andijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus, Urganch shaharlarining raqamlashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish xaritalari ishlab chiqiladi.

2023-yil 1- apreldan suv omborlari to‘g‘onlarida seysmik xavfni oldindan prognoz qilish va baholash amaliyotini joriy qilish maqsadida:

  • kosmik monitoring doirasida simulyatsion dastur orqali zilzila natijasida to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida suv bosishi mumkin bo‘lgan respublika hududlarining vizual 3D modellarini ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • suv omborlari to‘g‘onlari o‘pirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.
Mazkur amaliyot va tizim 2023- yil 1- fevralgacha ishga tushiriladi.

2023-yildan respublikaning seysmik faol zonalarida balandligi 9 qavat yoki undan yuqori bo‘lgan seriyali qurilishi rejalashtirilgan yoki tanlab olingan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, sifatini ta’minlash hamda kamchiliklarni oldindan bartaraf etish maqsadida vibrodinamik uskuna yoki zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruv o‘tkazib boriladi.

2022-yil 1-dekabrgacha respublikadagi barcha sun’iy inshootlar (ko‘priklar, tonnellar, estakadalar, temir yo‘l ko‘priklari va boshqalar) xatlovdan o‘tkazilib, yagona raqamlashtirilgan ma’lumotlar bazasi tashkil etiladi.

2023-yil 1-martgacha respublikadagi barcha mavjud sun’iyinshootlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha elektron texnik pasportlari shakllantiriladi.

2022 — yil 1- avgustgacha aholining barcha qatlamini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan so‘ng to‘g‘ri harakat qilishga mustaqil o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mobil ilova ishlab chiqiladi.

2023- yil 1- avgustgacha seysmik faol zonalarda joylashgan bino va inshootlar maydonining zilzilalar oqibatida deformatsiyasi, siljishi, cho‘kishi kabi omillarni aniqlashga mo‘ljallangan radiolokatsion kosmik monitoring tizimi yaratiladi.