AQSh Federal zaxira tizimi rahbariyati bazaviy stavkani 0,75% ga oshirishga qaror qildi. Endi u 2,25−2,5%ni tashkil etadi, deya yozmoqda “РБК” regulyatorga tayanib.

Oxirgi marta stavka 2018-yilda shunday darajada boʻlgan edi. Mazkur oʻsish yil boshidan beri toʻrtinchisi, bundan oldin stavka mart oyida 0,25% ga, may oyida 0,5% ga va iyun oyida esa 0,75% ga oshirildi.

Amerika markaziy banki inflyatsiyani 2% maqsadli darajaga tushirish uchun agressiv pul-kredit siyosatidan foydalanish niyatida. Shu bilan birga, u bandlikni saqlab qolish va ishsizlikning koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslikni kutmoqda (hozir — 3,6%).

“Shu maqsadda [ochiq bozorlar] qoʻmitasi federal mablagʻlar stavkasi uchun maqsadli koridorni 2,25−2,5% ga koʻtarishga qaror qildi va diapazonni yanada oshirish maqsadga muvofiq boʻlishini kutmoqda”, deyiladi regulyator press-relizida.

Bank rahbari Jerom Pauell AQSh Senatiga ham shunday dedi. U oʻz departamenti inflyatsiyaning sekinlashishi haqidagi aniq signallarni kutishiga vaʼda berdi va “yangi kutilmagan hodisalar"ni istisno etmadi.

Biroq hozircha stavkalarni oshirish orqali narx oʻsishini pasaytirishning iloji boʻlmadi. Iyun oyida u 1981-yildan beri maksimal darajada yangilanib, 9,1% ga yetdi. Inflyatsiya, jumladan, Ukrainadagi mojaro va jahon bozorlaridagi vaziyat tufayli oshib bormoqda.

Oziq-ovqat va energiya narxlari ayniqsa kuchli koʻtarildi. AQShda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi yil davomida 11,3% ga oʻsdi.

Mutaxassislar, shuningdek, tizimni ishsizlikni ushlab turish qobiliyatiga shubha qilishmoqda. Kreditlash faolligi pasayganidan keyin sovib borayotgan iqtisodiyot fonida ishsizlar ulushi yana oʻsishi mumkin, dedi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bosh iqtisodchisi Per-Olivier Gurinsha.

Jamgʻarma 2022-yilda AQSh yalpi ichki mahsulotining oʻsishi 2,3% ni, 2023-yilda esa 1% gacha sekinlashishini prognoz qilmoqda. Shu bilan birga, kichik zarba ham retsessiyani boshlash imkoniyatiga ega, deydi ekspertlar.