Prezident tomonidan yana tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish tashabbusi ilgari surildi.

Bu borada kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Prezident shunigdek, kredit berish masalaning faqatgina bir tomoni ekani, biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerakligini alohida qayd etdi.

Shu sababli, eng avvalo, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etiladi.

Ta’kidlanishicha, tadbirkorlarning 16%iga garov yetishmasligidan ularga kredit berish rad etilgan. Shu bois Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan kafillik berish imkoniyati qo‘shimcha 2 barobarga oshiriladi.

Hozir 10 trln bo‘lsa, endi 20 trln qilamiz. Natijada kamida 15 ming nafar tadbirkorning kredit olishdagi garov masalasi hal bo‘ladi, deya qo‘shimcha qilgan prezident.

Yuqorida aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.

Prezident Administratsiyasi rahbariga ikki hafta muddatda ushbu kengash ishini tashkil qilish topshirildi.

Tadbirkorlarning mulk huquqini himoya qilish

Bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Ya’ni, huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi.

“Fursatdan foydalanib, barcha hokimlarning e’tiborini bir masalaga qaratmoqchiman — mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunigdek, tergov jarayonida tadbirkorlarning mol-mulkini xatlab qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Misol uchun, o‘tgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trln so‘m).

“Endi, har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi. O‘ylaymanki, shundagina adolat bo‘ladi”, — dedi davlatimiz rahbari.