Yil boshidan buyon Rossiyani 419 ming kishi tark etgan, xabar berdi “РБК” Rossiya federal davlat statistika xizmati ma’lumotlariga tayanib.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 202 ming kishini tashkil etgan.

Rossiyadan MDH davlatlariga 368 ming kishi, uzoq xorij mamlakatlariga esa 50 mingdan sal koʻproq odam joʻnab ketgan.

Shundan eng ko‘p aholi Ukraina (79,6 ming), Tojikiston (58,4 ming), Armaniston (49 ming), Qirg‘iziston (43,6 ming), Qozog‘iston (40,7 ming) va O‘zbekistonga (38,6 ming) jo‘nab ketgan.

MDHdan tashqari davlatlar orasida Xitoy (6,6 ming), Vyetnam (5,4 ming) va Hindiston (4,1 ming) yetakchilik qildi.

Ukrainadagi urush tufayli xorij kompaniyalari Rossiyadagi xodimlarini boshqa davlatlarga ko‘chirmoqda.

Jumladan, Xitoyning “Huawei” kompaniyasi ham mamlakatdagi xodimlarining bir qismini O‘zbekiston va Qozog‘istonga ko‘chirmoqda.

Umuman olganda, 2022-yil fevral oyi oxiridan beri 6000 dan ortiq rus va belorus IT-mutaxassislari Toshkentga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.


Avvalroq “Spot” Rossiya bozorini yana qaysi kompaniyalar tark etayotgani haqida yozgandi.