6-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Sirdaryoga tashrif buyurdi, xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Davlati rahbari Sirdaryo tumanidagi “Arslon bobo” va “Omonboy o‘g‘li Tugal” fermer xo‘jaliklari dalasini ko‘zdan kechirdi.

Sirdaryolik fermerlar, nuroniylar bilan suhbatda Mirziyoyev odamlarning biri ikki bo‘lishi uchun zarur yo‘nalishlarni belgilagani kelganini qayd etdi.

“Yer — xalqimiz rizq-ro‘zi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan ta’qib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan mahsulot ham xalqimizniki-ku”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, rahbarlar va hokimlar yana 7,5 ming gektar yer ajratish orqali Sirdaryoda ishsizlikni yo‘q qilish bo‘yicha taklif bermoqda. Davlat rahbari buni qo‘llab-quvvatlagan.

Aholiga dehqonchilik uchun yer ajratish orqali 100 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallanyapti.

Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va mutasaddilari bilan muloqotda davlat rahbari innovatsiya va nav evaziga hosildorlikni oshirish, suvdan oqilona foydalanish va hisobini yuritish zarurligini ta’kidladi.

Fermer va ishchilarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, xususan, ular uchun kichik, arzon uylar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.


Avvalroq “Spot” prezident transport sohasini raqamlashtirish boʻyicha bir qator vazifalarni belgilab bergani haqida yozgandi.