Markaziy bank joriy yilning sentabr holatiga milliy valyutadagi bank depozitlarining foiz stavkalari bo‘yicha statistikani taqdim etdi.

Unga ko‘ra, bir yilgacha bo‘lgan jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari to‘rt oylik o‘sishdan so‘ng 17,9%ni tashkil etdi.

Avgust oyida bu ko‘rsatkich 18,3%ni tashkil qilgan bo‘lsa, yil boshida 15,2% bo‘lgan.

Shuningdek, bir yildan yuqori bo‘lgan jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida yil boshiga (18,4) hamda o‘tgan avgust oyiga (20%) nisbatan o‘sish qayd etildi — 20,3%.

O‘tgan yilning mos davrida bir yildan yuqori bo‘lgan muddatli depozitlarning tortilgan foiz stavkasi 18,3ni tashkil etgan.

Jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21%ni, yuridik shaxslarniki esa 17,1%ni tashkil etgan.

Yuridik shaxslarning depozitlarida foiz stavkalari o‘tgan oyga nisbatan 0,1%ga kamaygan (17,2%) bo‘lsa, jismoniy shaxslarda 0,2%ga ortgan (20,8%).