Adliya vazirligi sanoat mulkini himoya qilish boshqarmasi tomonidan tovar belgilarining huquqiy muhofazasi va himoyasiga oid maxsus qo‘llanma ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazishda qo‘yiladigan talablar, uni tuzish, topshirish, ko‘rib chiqish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari, shuningdek, tovar belgilarining huquqiy muhofazasi va himoyasiga oid masalalar yoritilgan.

Tovar yoki uning ishlab chiqaruvchisi xususidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar hech qanday holatda ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Bularga tovarning ma’lum bir sifati, uning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida iste’molchining ongida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan tasavvur hosil qiladigan belgilar kiradi.

Masalan, viskozadan ishlangan tovarlar uchun “paxta” ishorasi yoki O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan “Made in Italy” (Italiyada tayyorlangan) singari ishorasi yolg‘on ishoralar qatoriga kiradi.

Shuningdek, murojaatchilarga qulaylik yaratish maqsadida tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun topshiriladigan talabnomalarni rasmiylashtirishga oid namunalar keltirilgan.

Uni qanday to‘ldirish, qayerga va qanday topshirilishi hamda ekspertiza jarayoni kabilar keltirilgan.

Bu qo‘llanma patent vakillari, tadbirkorlar, huquqshunoslar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun mo‘ljallanganini ta’kidlaydi vazirlik.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning investitsiyalar bo‘yicha qo‘llanmasi chop etilgani haqida xabar bergandi.