O‘zbekiston rossiyalik riteylerlar uchun asosiy iste’mol tovarlari yetkazib beruvchilari qatoriga kirdi. Bu haqda chakana savdo kompaniyalari uyushmasi (AKORT) ma’lum qildi.

Uyushma tomonidan o‘tkazilgan so‘rov iste’mol tovarlari importi geografiyasida o‘zgarishlarni ko‘rsatdi.

Unga ko‘ra, 2021-yilda muhim ulush MDHdan tashqari mamlakatlarda (Italiya, Indoneziya, Chexiya) bo‘lgan bo‘lsa, hozirda birinchi beshlikka Rossiyaga yaqin Osiyo davlatlari kiradi.

Xitoy kundalik tovarlar importi bo‘yicha yetakchilikni mustahkamlab, umumiy hajmidagi ulushini 70%ga oshirdi.

O‘zbekiston yetkazib berish bo‘yicha 8% bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 3%ni tashkil qilgandi.

O‘zbekiston Rossiyaning chakana savdo korxonalariga birinchi navbatda uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechak, poyabzal, shuningdek, meva va sabzavotlar yetkazib beradi.

Shuningdek, Turkiyaning ulushi ikki baravar ko‘payib, 5%ga, Janubiy Koreyaniki esa ikki baravar ko‘payib 2%ni tashkil etdi.

Chakana savdo korxonalari tomonidan kiyim-kechak va poyabzal importida Xitoyning ulushi ham 70%ga, Oʻzbekistonnniki esa 7%ga yetdi.

Vetnam va Pokistonning importi ham sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, Fransiya, Italiya, Polsha va Indoneziyadan yetkazib berish kamaydi.


Avvalroq “Spot” Ural dizaynerlari matolar bilan bog‘liq muammolarni O‘zbekiston orqali hal qilaayotgani haqida yozgandi.