2025-yilgacha davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75%ga qisqartirish rejalashtirilgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi departament boshlig‘i Sanjar Qurbonaliyev ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2021−2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.

Strategiyaning asosiy maqsadlari sifatida quyidagilar belgilangan:

  • korxonalarni boshqarish va isloh qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalar sonini muttasil qisqartirib borish;
  • korxonalarda korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan strategiya talablaridan kelib chiqib, tegishli qonunchilik normalari muvofiqlashtirildi.

“Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida"gi Qonuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi, “Xususiylashtirish to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi.

Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbarlari va kuzatuv kengashi a’zoligiga nomzodlarni shakllantirish tartibi ishlab chiqildi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida prezident va hukumatning qarorlari doirasida 500 dan ortiq davlat korxonalarni xususiylashtirish va qariyb 600 ta korxonani qayta tashkil etish va tugatish belgilandi.

Buning natijasida, 2021-yilda davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 30%ga qisqartirishga erishildi.

Bugungi kunda esa “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida 2 mingdan ortiq korxonalar xatlovdan o‘tkazilib, ularni sotish, qayta tashkil etish va tugatish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.