Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning oktabr oyida uy-joylarni ijaraga berish xizmatlari narxlari sentabr oyiga nisbatan ya’ni bir oyda o‘rtacha 16,1%ga oshgan.
Bunda eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida 51,6% qayd etilgan bo‘lsa, eng past o‘sish 1% bilan Xorazm viloyatida kuzatilgan.
Uy-joylarni ijaraga berish xizmatlari narxlari yil boshidan buyon o‘rtacha 20,9%ga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yillik nisbatda o‘rtacha 24,2%ga oshgan.
Uy-joy ijarasi narxlari
“OLX” ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar olti oy davomida ketma-ket ko‘tarilmoqda — aprel oyidan beri 50%ga, 2021-yilning mos davriga nisbatan esa 41%ga o‘sgan.
Joriy yil boshida bir xonali “kvartira"ni o‘rtacha $300 ga olish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, sentabr oyida bu ko‘rsatkich 480$ga yetdi.
Ikki xonali uy-joy ijarasi bilan bog‘liq vaziyatda ham xuddi shunday manzara kuzatildi. Ukrainadagi urushdan oldin ijaraga olish narxi $700 bo‘lsa, hozir qariyb $1000ni tashkil etmoqda.
Uch xonali xonadonlar narxlari ham aprel oyidan beri o‘rtacha $790 dan $1200 ga yetdi.
Avgust va sentabr oyidagi narxlarni taqqoslaganda, bir xonalik xonadonlar 1%, ikki xonalik 16% ga, uch xonaliklar esa 44% ga o‘sdi.
Avvalroq “Spot” sentabr oyida O‘zbekistonda uy-joy savdosi 19%ga o‘sgani haqida yozgandi.