May oyida prezident qarori bilan O‘zbekistonliklarning ichki sayohat uchun sarflagan xarajatlari “keshbek” sifatida qaytarilishi belgilangandi.

Unga ko‘ra, mazkur tizim joriy yilning 1-sentabridan boshlab “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida amal qila boshlandi.

Davlat soliq qo‘mitasining matbuot xizmati ma’lum qilishicha, sentabrdan oktabrgacha keshbek platformasida 2 816 ta sayohat qayd etilgan.

Bunda, 2 418 nafar fuqaro ichki turizmga sarflangan xarajatlar hisobini yuritishni boshladi.

Xususan, fuqarolar quyidagi xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lovlarga taqdim etilgan QR-kodli cheklarni Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan:

  • avia, temir yo‘l va avtobus transporti chiptasini xarid qilish;
  • joylashtirish vositalaridan (mehmonxonalar, dam olish uylari va zonalari, mehmon uylari va boshqalardan) foydalanish;
  • madaniy me’ros obyektlariga tashrif buyurish.

Sayohat xarajatlarini qaytarish tartibi qanday

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15%i, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50%i, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.

Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.

Buning uchun qo‘mita ilovasiga JSHSHIRni kiritgan holda FACE ID orqali ro‘yxatdan o‘tish va barcha turdagi sayohat cheklarini kiritish lozim.

Xizmatdan foydalanish uchun qo‘mitaning Android yoki iOS mobil ilovasini o‘rnatish zarur.

Xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini koʻrsatish orqali sayohatlar roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Mehmonxonalar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, oilaviy mehmon uylari, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari, vaqtincha yashash xizmatlarini koʻrsatadigan boshqa obyektlar joylashtirish vositalari roʻyxatiga kiritilgan.