O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni jadallashtiriladi. Bu haqda O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev ma’lum qildi.

Jamshid Xodjayev amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar sifatida quyidagilarni sanab o‘tdi:

  • qonun ustuvorligini ta’minlash;
  • sud-huquq tizimini yanada isloh kilish;
  • korrupsiyaga qarshi samarali kurashish;
  • bank-moliya tizimlarini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish;
  • davlat ulushi mavjud bo‘lgan yirik sanoat va infratuzilma korxonalarini xususiylashtirish.

Shuningdek, u Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni jadallashtirilib, uning to‘laqonli a’zosiga aylanish ishlari olib borilayotgani haqida ham ta’kidladi.

“Energetika, transport, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishni yanada kengaytiramiz”, — dedi Xodjayev.

Siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovga koʻra, tashkilotga a’zo boʻlish eksport qilinayotgan mahsulotlar hisobiga milliy mahsulotlar tannarxi tushirilishiga xizmat qiladi. Budjetga pul tushumlarini koʻpaytiradi va mehnat bandligiga ijobiy taʼsir etadi.

Samarqandda o‘tkazilgan iqtisodiy forumda prezident ishtirokchilarga murojaat yo‘llab, unda iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini sanab o‘tgandi.


Avvalroq “Spot” Oʻzbekiston-Vengriya logistika xabi tashkil etilishi haqida yozgandi. U orqali Oʻzbekiston tovarlari Vengriya va qoʻshni davlatlarga yetkaziladi.