Prezident Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida o‘tkazilayotgan kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi.

Davlat rahbari asosiy diqqatni hozirgi tahlikali vaziyatda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlar umumiy yondashuvlarni belgilab olishi hamda sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Sammit doirasida qabul qilinayotgan “Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi"ni samarali amalga oshirish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori pog‘onaga olib chiqish missiyasi haqida qayd etildi.

Navbatdagi urg‘u mamlakatlarning savdo-iqtisodiy hamkorligini oshirish hususida bo‘lib, davlatlarning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4%ini tashkil etishi ta’kidlandi.

Bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun, tashkilot doirasida “yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini"ni barpo etish tashabbusi bildirildi.

Bunda tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyoning yetakchi biznes vakillarini jalb qilgan holda, har yili xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazish taklif etildi.

Sammit doirasida yillik yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi hamda asosiy e’tibor quyidagi yo‘nalishlarga qaratiladi:

  • o‘zaro savdoni keskin oshirish;
  • uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish;
  • qo‘shilgan qiymat uzluksiz zanjirlarini yaratish;
  • yuqori texnologik klasterlar va venchur shirkatlarni tashkil etish;
  • qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirish.

Davlat rahbari transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga to‘xtaldi.

“Biz transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapirayapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak,” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali 10% tashqi savdo yuklarini tashimoqda. Qabul qilinayotgan dastur asosida transport vazirlari tomonidan yil oxiriga qadar qo‘shma hamkorlikning aniq reja va samarali mexanizmlarini ishlab chiqish taklif etildi.

“Asosiy e’tiborni mintaqamizdagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratishimiz kerak”, — dedi prezident.

Shuningdek, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida joriy etilgan avtotransport elektron ruxsatnomalarini almashish tizimiga tashkilot davlatlarini ham qo‘shilishga chaqirdi.

Davlatlarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yaratish bo‘yicha tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish vaqti kelganini ta’kidladi prezident.

Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “Smart” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish taklif etildi.

Keyingi yili O‘zbekistonda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazish taklifini bildirdi prezident. Tashkilot bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavoziminini joriy etish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Shuningdek, sammit doirasida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Avvalroq, davlat rahbari Samarqandda o‘tkazilgan iqtisodiy forum ishtirokchilariga murojaatnoma yo‘llab, unda unda mamlakat iqtisodiyotini 2022−2026 yillarda rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishlarga to‘xtalgandi.