“РБК” nashri “Commonwealth Partnership” kompaniyasi boshlig‘i Natalya Nikitina bilan Rossiyada ofis ijarasi bo‘yicha suhbatlashdi.

“Poytaxtda bo‘sh turgan ofis xonalari soni ortib bormoqda, lekin ularga bo‘lgan talab bu darajada emas. Mutaxassislar bu tendensiya kelgusi yilda ham davom etishini taxmin qilishmoqda”, — deydi Natalya Nikitina.

Unga ko‘ra, Moskva ofis bozorining uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha ko‘rsatkichlari avvalgidek, qizil zonada bo‘lib, keskin tendensiya uchun zarur shart-sharoitlar yil oxirigacha o‘zgaradi.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida o‘rtacha ijara stavkasi 1 kv.m uchun 20 733 rublni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7%ga kam.

“Yil oxirigacha yuqori sifatli ofislarning eng yirik ijarachilari (asosan, Rossiyadan chiqib ketishlarini e’lon qilgan brendlar) bo‘sh joyni qisqartirish yoki ijara shartnomalaridan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilishlarini kutamiz”, dedi u.

Ushbu vaziyatning natijasi ijara stavkalarida va 2023-yilning birinchi yarmida bo‘sh maydonlar ulushida aks etadi.

“Bizga Qozog‘iston, O‘zbekiston, Dubay, Belgrad, Turkiyaga biznesni ko‘chirish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar tushmoqda. U yerda transport va istalgan joyda ofislarni ijaraga olish mumkin”, — dedi Natalya.

Fevral oyida bu tendensiya sezilarli bo‘ldi, keyin uning intensivligi pasayib, sentabrda yana oshdi.

Kompaniya kuzatuvlariga ko‘ra, hozirda eng yuqori talab O‘zbekiston va Qozog‘istonda mavjud. Lekin Armaniston, Gruziyada esa talab kam. Chunki bu mamlakatlarda ofis maydoni cheklangan, deya qo‘shimcha qildi Natalya.

Commonwealth Partnership” kompaniyasi 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Rossiya va MDHda tijorat koʻchmas mulk sohasida konsalting, investitsiya va agentlik xizmatlarini koʻrsatadi. Jumladan, kompaniya 2018-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelmoqda.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning “PAGE” kovorkinglar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.