Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 68 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ydi, deya xabar bermoqda “Politico” nashri Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga tayanib.

“Muzlatilgan mablag‘larning 50 mlrd yevrosi Belgiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinda 5,5 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygan Lyuksemburg turibdi”, — deyiladi xabarda.

Yevrokomissiya hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan jami 33,8 mlrd yevro Rossiyaning milliy zaxiralari, ammo aniq miqdori noma’lum.

Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng g‘arb davlatlari Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi.

Natijada Rossiya oltin-valyuta zahiralarining qariyb yarmi — taxminan $300 mlrd muzlatib qo‘yildi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova bu xatti-harakatlarni o‘g‘rilik deb atagan.

U Yevropa Ittifoqi 2014-yildan beri Rossiya fuqarolari va kompaniyalarining mulkini muzlatish bo‘yicha ko‘plab noqonuniy va asossiz qarorlarni qabul qilib kelayotganini ta’kidladi.

Nashrning yozishicha, YeI bloklangan Rossiya mablag‘larini musodara qilish va ularni Ukrainani moliyalashtirishga o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.


Avvalroq “Spot” rossiyaliklarning xorijdagi omonatlari 9 oy ichida ikki barobarga oshganligi haqida yozgandi.