Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion g‘oyalar tanlovi e’lon qilindi. Bu haqda tashkilot “Spot"ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, taqdim etiladigan innovatsion g‘oyalar faqat Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshirilishi lozim.

Ariza topshiruvchi innovatsion g‘oyani amalga oshirish uchun kamida 2 yoki undan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlikda 2 yilgacha davom etuvchi qisqa muddatli loyiha doirasida qishloq xo‘jaligida zarur bo‘lgan innovatsion yechimlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish yoki amalga oshirish uchun guruhlar tuzishi kerak.

Guruhlar tomonidan taklif qilinadigan har qanday loyiha g‘oyasi qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va suvni tejash, tuproqni saqlash va undan unumli foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va salbiy ta’sirlarni yumshatish kabi mavzular bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak.

Loyihani amalga oshirish jarayonida muayyan guruhning hamkorlari o‘z faoliyati uchun moliyaviy yordam olishlari va belgilangan tartiblarga muvofiq zarur jihozlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Innovatsion guruhlar har qanday faoliyat/loyihaga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin:

  • qayta tiklanuvchi energiya (quyosh energiyasi va bioenergiya);
  • qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat sohasi ta’minot zanjirlarida energiya samarador va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish;
  • qishloq xo‘jaligining iqlimga zarar yetkazmaydigan oziq-ovqat zanjirlari uchun raqamli texnologiyalar;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararkunandalarga chidamli va/yoki issiqlikka chidamli urug‘lari va navlari;
  • qishloq xo‘jaligida issiqxona gazlari chiqindilarini cheklash bo‘yicha iqlimga zarar yetkazmaydigan loyiha tashabbuslari (ekinlar va chorvachilikka oid);
  • yer va suv resurslarini kompleks boshqarish;
  • hosil yig‘ilgandan keyingi yo‘qotishlarni kamaytirish;
  • qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat sanoatida aylanma iqtisodiyot/chiqindilarni boshqarish;
  • resurs tejamkor qishloq xo‘jaligi.

Innovatsion guruhlarni tanlash jarayoni 2 bosqichdan iborat bo‘lib, yakunda g‘olib bo‘lgan har bir loyiha 450 mln so‘mgacha moliyalashtiriladi.

Ariza topshiruvchi guruhlar loyiha g‘oyasini maxsus ariza shaklida keltirilgan namunaga ko‘ra 2023-yilning 9-yanvariga qadar 4agroinnovation@gmail.com elektron pochtasiga yuborishlari lozim.

Tanlov shartlari haqida batafsil ma’lumot bu yerda.