PMTI ekspertlari O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun qanday kadrlar tayyorlanishini o‘rgandi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun barcha sohalarda “yashil” iqtisodiyot texnologiyalarini faol joriy etish 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi vazifalari doirasidagi maqsadlardan biri.

Unga erishish bir vaqtning o‘zida “yashil” iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash zaruratini ham ko‘ndalang qo‘yadi.

Cedefop” kabi xalqaro tashkilotlarning tadqiqotlarida inson resurslarini rivojlantirish iqtisodiyotni “yashillashtirish” uchun asos ekanligi ta’kidlanadi.

Shu nuqtayi nazardan, “O‘zbekistonning kadrlar tayyorlash tizimi „yashil“ transformatsiyaga qanchalik tayyor?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish suv resurslaridan nooqilona foydalanish, havoning ifloslanishi, o‘rmonlarning qisqarishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi va iqlim o‘zgarishi kabi ekologik muammolarni hal etishda yordam beradi.

Xorijlik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun ishlab chiqarishning turli sohalarida keng tarqalgan 10 ta ekologik ko‘nikma, ya’ni: dizaynerlik, liderlik sifatlari, boshqaruvchilik qobiliyati, energetik, shaharlarni rejalashtirish, landshaft dizayni, muloqot olib borish, chiqindilarni boshqarish, sotib olish va moliyaviy ko‘nikmalarga talab katta.

Baholash natijalariga ko‘ra, yuqori darajadagi IT ko‘nikmalariga ega bo‘lgan aholi ulushining o‘sishi “yashil” bandlikning o‘sishiga boshqa omillarga qaraganda ko‘proq ta’sir qiladi.

Mamlakat aholisi IQ darajasining 1%ga oshishi “yashil” bandlikning 0,98%ga oshishiga imkoniyat yaratadi.

Iqtisodiy o‘sish “yashil” bandlikni oshirish uchun ham qulay shart-sharoit yaratadi. Shu bilan birga, aholining o‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan mamlakatlarda davlat siyosati bandlikni oshirish uchun ko‘proq mehnat talab qiladigan ish o‘rinlarini yaratishga qaratiladi.

Natijalarga ko‘ra, oliy ma’lumotli va yuqori darajadagi IT-ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashning ekologik muammolarni hal qilishdagi ahamiyati katta ekani aniqlandi.

“O‘zbekistonning kadrlar tayyorlash tizimi „yashil“ transformatsiyaga qay darajada tayyor?” degan savolga javob olish uchun O‘zbekiston OTMlarining 2019−2020 va 2022−2023 o‘quv yillari uchun kadrlar tayyorlash parametrlari (magistratura mutaxassisliklari)ning content-tahlili o‘tkazildi va quyidagi xulosalar shakllantirildi:

  • mamlakat oliy o‘quv yurtlarida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun eng zarur mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlarni, biotexnologlar, muqobil energetika, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha muhandislar, iqlim xavfini baholash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan;
  • energiya tejamkor inshootlarni loyihalash, ulardan foydalanish va qurish, energiya tejamkor texnologiyalarni, jumladan sun’iy intellektni loyihalash, foydalanish va ishlab chiqarish bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgan.

2022−2023 o‘quv yilida tayyorlanadigan kadrlarning 30%dan ortig‘i “yashil” iqtisodiyotga to‘g‘ri keladi. 2019−2020 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 5%ni tashkil etgan.

“yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonini faollashtirish orqali Taraqqiyot strategiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish uchun ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligidan qat’i nazar, bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘quv yuklamalariga strategik, ekologik, resurslar va energiyani tejash, axborot texnologiyalari bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha soatlar kiritish kerak.

Shuningdek, malaka oshirish, qayta tayyorlash va kattalar ta’limining boshqa turdagi dasturlarini “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni hamda IT-ko‘nikmalarni rivojlantirishni o‘z ichiga oluvchi “Umrbo‘yi ta’lim” konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.