2022-yilning yanvar-dekabr oylarida 8,8 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun jo‘nab ketdi, deya xabar bermoqda Statistika agentligi.

2021-yilga nisbatan xorijga chiqib ketganlar soni qariyb 2,5 barobar kamaygan.

Mamlakat fuqarolari eng ko‘p oktabr oyida ketgan — 3,4 mingdan ortiq. Ular orasida ayollar 4,7 ming kishini, erkaklar esa 4,1 ming kishini tashkil etdi.

O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlarning asosiy qismi 6985 kishi Qozog‘istonga (jami 79,5%) ketgan.

Ikkinchi oʻrinda Rossiya — 1441 kishi (16,4%). Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (63 kishi), Tojikiston (41) va Turkmaniston (23). Boshqa mamlakatlar 2% dan sal ko‘proq yoki 236 emigrantni tashkil etdi.

O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar soni 2,3 ming nafarni tashkil qilgan. Bu koʻrsatkich boʻyicha Rossiya birinchi oʻrinda (813 kishi), Qozogʻiston ikkinchi (761 kishi), Tojikiston uchinchi (156 kishi) egalladi.

Shuningdek, Qirg‘izistondan 11 nafar, Turkmanistondan 38 nafar, boshqa davlatlardan esa 443 kishi ko‘chib kelgan.

2021-yil bilan taqqoslaganda, ko‘chib kelganlar soni 20%ga oshgan.

Ko‘chib kelgan ayollar va erkaklar soni deyarli bir-biriga teng — mos ravishda 1,2 ming va 1,1 ming kishi.


Avvalroq “Spot” o‘zbekistonliklar Qirg‘izistonga ID-karta bilan borishlari mumkinligi haqida yozgandi.