Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2022-yilning 4-choragi uchun Toshkent shahrida xonadonlar uchun taklif etilayotgan xarid narxlari o‘zgarishini tahlil qildi.

Natijalar, narxlar noyabr oyida oktabr oyidagiga qaraganda 2%ga oshganligini ko‘rsatdi. Dekabr oyida esa narxlar 3,2%ga oshgan.

E-notarius ma’lumolariga ko‘ra, 4-chorak davomida Toshkent shahrida 33 194 ta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.

Narxlar chorak davomida Shayxontohur tumanida o‘rtacha 7,1%, Chilonzor tumanida 4%, Yunusobod tumanida 3,8%, Uchtepa, Yakkasaroy, Yashnabod va Olmazor tumanlarida 2%, Sergeli va Mirobodda 1% hamda Mirzo Ulug‘bek tumanida 0,5% ga oshgan.

Mirobod ($1326), Yakkasaroy ($1195), Mirzo Ulug’bek ($1174) va Yunusobod ($1128) tumanlarida uy-joyning bir kvadrat metri uchun narxlar Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha narxdan ($1088) yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Tadqiqot davomida narxga tasir qiluvchi asosiy omillar ham o‘rganildi. Bunda “Supervised machine learning” toifasiga kiruvchi “decision tree” uslubi va shu oilaga kiruvchi “bagging” hamda “random forest” usullaridan foydalanildi.

Natijalarga ko‘ra, arzon segmentda ham, qimmat segmentda ham xonadon maydoni kattaligi narxni belgilovchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda.

Buni shahar sharoitida yer uchastkasi narxining yuqoriligi bilan izohlasa bo‘ladi, ya’ni xonadon tannarxida yer xarid qilishga ketgan xarajat eng katta o‘rin tutadi.

Arzon segmentda xonadon joylashgan qavat narxning oshishiga ta’sir qiluvchi boshqa asosiy omil ekani oydinlashdi. Chunki bu segmentdagi uylar asosan eski va liftlar bilan jihozlanmagan.

Boshqa tarafdan yuqori qavatlarga suv va issiqlik ta’minoti yetib borishi bilan bog‘liq muammolar ham xonadon narxiga ta’sir etmoqda.

Keyingi o‘rinlarda narxga xonadonning yangi qurilganligi va ta’mirlanganlik holati ta’sir etmoqda.

pmti, toshkent, uylar narxi

Qimmat segmentda esa xonadonning maxsus agentlik yoki xonadon egasining o‘zi tomonidan sotilayotgani muhim ahamiyatga ega bo‘lgandi.

Buni maxsus agentliklar ko‘proq qimmat xonadolar oldi-sotdisida ishtirok etishi va ustama haqqining mavjudligi bilan izohlash mumkin.

Undan keyingi o‘rinda mebel bilan jihozlanganligi, komissiya olinishi, yangi qurilganligi kabi omillar turishi aniqlandi.

Xonadon joylashgan qavat eng oxirgi o‘rinlarda turishini bu segmentning liftlar bilan ta’minlanganligi va kommunal ta’minotida muammolar kamligi bilan izohlash mumkin.


Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi dekabr oyida Toshkentdagi uy-joylar ijara narxlarini tahlil qilgandi.