Avvalroq, 1-fevraldan boshlab O‘zbekistondan Afg‘onistonga temir yo‘l orqali yuk tashuvlarini amalga oshirish vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi bu bo‘yicha izoh berdi.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston tomonidan Xayraton stansiyasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan texnik ishlarni, ular belgilagan muddatlarda amalga oshira olmagani haqida hech qanday tushuntirish berilmagan.

8−10 fevral kunlari Termiz shahrida Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi rahbari Bayturraxmon Sharofat boshchiligidagi afg‘on delegasiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati.

Uchrashuv natijasida Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi va “Sogdiana trans” o‘rtasida “Hayraton — Mozori-Sharif” temir yo‘lini ekspluatasiya qilishni kelguvsida davom ettirish bo‘yicha, yangi shartnoma imzolashga kelishildi.

Shu bilan birga tomonlarning kelishuviga ko‘ra, Afg‘oniston tomoniga yo‘naltirilgan vagonlarni “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning “Sogdiana trans” tomonidan Xayraton stansiyasiga yetkazib berish joriy yilning 10-fevralidan qayta tiklandi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha bayonnoma imzolandi.