Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning asosiy natijalarini o‘rgandi.

2017−2022 yillarda O‘zbekistonga kelgan chet ellik sayyohlar soni deyarli 2 barobar oshdi. Agar 2017-yilda ularning soni 2,7 mln nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 5,2 mln nafarga yetdi.

2022-yilda O‘zbekistonga sayyohlar asosan Qozog‘iston (1551,1 ming kishi), Tojikiston (1447,8 ming kishi) va Qirg‘izistondan (1356,9 ming kishi) kelgan.

Xorijlik sayyohlarning asosoiy qismi, aniqrog‘i 89,1%i O‘zbekistonga o‘z qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida kelgan. Ularning aksariyati Qozog‘iston (31,8%), Qirg‘iziston (29,2%) va Tojikiston (27,9%) fuqarolaridir.

Dam olish va hordiq chiqarish maqsadida O‘zbekistonga kelgan chet ellik fuqarolarning eng ko‘pi Rossiya (37,6%), Qozog‘iston (11,2%) va Turkiyaga (6,3%) to‘g‘ri keladi.

Dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin.

2022-yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 3,4 mln kishidan oshgan hamda o‘sish 2,8 barobardan ortiqni tashkil etgan.

Natijada turizm xizmatlari eksportida ham sezilarli o‘sish bo‘lgan. 2017-yilda turizm xizmatlari eksporti $546,9 mln.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2,9 barobar oshib, 1,6 mlrd.ga yetgan.

2017−2022 yillarda xizmatlar eksportining umumiy hajmida turizm xizmatlari eksportining ulushi 1,8 barobar oshdi.

Agar 2017-yilda bu ko‘rsatkich 22,1%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 40,7%ga yetgan.

Turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar sohaning salohiyati yuqori ekanligini ko‘rsatishi ta’kidlanmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro miqyosida turistik jozibadorligini oshirish uchun turizmning etnik va ekologik turizm kabi yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish, mamlakatning turli hududlarida tematik festivallarni tashkil qilish taklif etilmoqda.

Yanvar oyida O‘zbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurgan xorijliklar soni 423,7 mingni tashkil etdi. Ularning eng ko‘pi Tojikistonga to‘g‘ri keladi.