Fevral oyi boshida Turkmaniston O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz yetkazib berishi ma’lum bo‘lgandi. O‘zbekistonni do‘stona va birodarlik bilan qo‘llab-quvvatlash maqsadida suyultirilgan gaz berish bo‘yicha mamlakat prezidentining farmoni imzolandi.

Hujjatda “Turkmangaz” davlat konserniga tegishli hajmdagi suyultirilgan gazni O‘zbekistonga bepul yetkazish topshirilgandi.

“Hududgazta'minot” matbuot xizmatining xabar berishicha, suyultirilgan gaz ortilgan vagonlar Qoraqalpog‘istonga yetkazilib, aholiga tarqatilmoqda.

Turkmanistondan jami 2 ming tonna suyultirilgan gaz keltirilgan bo‘lib, shundan ming tonna Qoraqalpog‘iston, qolgan ming tonna Xorazm aholisiga tarqatilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Hududgazta'minot” kompaniyasi “Gazetauz” nashriga ma’lum qilgan.

2022-yilning dekabr oyida Turkmanistondan O‘zbekistonga tabiiy gazi importi 1,5 mlrd kub metrga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston issiqlik elektr stansiyalarida turkman gazidan olingan elektr energiyasining bir qismi Qirg‘izistonga yo‘naltirildi. Energetika vazirligi bu qarorni To‘qto‘g‘ul suv omborida suvning oqizilishi va keyinchalik taqchilligining oldini olish bilan izohladi.

12-yanvardan Turkmaniston sovuq ob-havo tufayli yuzaga kelgan texnik sabablar bilan O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatdi. 21-yanvardan esa mamlakat O‘zbekistonga gaz eksportini qayta tikladi.


Avvalroq, O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyadan gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni tezlashtirmoqchiligi haqida xabar berilgandi. Ikki mamlakat energetika vazirlari uch tomonlama uchrashuvda bu bo‘yicha “Gazprom” bilan kelishib olgan.