Biznesmen Alisher Usmonovning advokatlari Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarga qarshi chiqish uchun Germaniya Konstitutsiyaviy sudiga da’vo arizasi tayyorlamoqda, deb yozadi “Süddeutsche Zeitung” gazetasi.

Gazetaning yozishicha, advokatlar Yevropa Ittifoqining milliarderga nisbatan cheklovchi choralari Germaniya konstitutsiyasiga zid ekanini isbotlamoqchi.

Nashrning ta’kidlashicha, da’voni tayyorlash doirasida professor Ditrix Mursvik ekspert xulosasini yozgan.

Mursvikning fikricha, Ukrainadagi mojaro uchun umuman javobgar bo‘lmagan shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi inson qadr-qimmati tushunchasiga mos kelmaydi va Germaniyaning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligiga ham zid hisoblanadi.

“TACC” nashrining ma’lum qilishicha, tadbirkorning advokatlari uning Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgani inson qadr-qimmatiga to‘g‘ri kelmaydi, degan 110 sahifalik xulosa tayyorlagan.

O‘tgan yilning bahorida Usmonov Yevropa Ittifoqining unga nisbatan shaxsiy sanksiyalar bo‘yicha qarori ustidan umumiy yurisdiksiya sudiga apellyatsiya shikoyati bergan, deb yozadi Bloomberg.

“The Wall Street Journal” da’vo arizasida u Ukrainada maxsus operatsiya o‘tkazish uchun yordam ko‘rsatish haqidagi da’volarga qarshi chiqgani va arizasini tezroq ko‘rib chiqishni so‘ragani haqida yozgandi.

Biroq Yevropa sudi Alisher Usmonovning sanksiyalar bo‘yicha da’vosini tezlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqishni rad etdi.

Vengriya Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi. Hukumat kotibi Zoltan Kovachning ta’kidlashicha, ayrim shaxslar va kompaniyalarning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi yetarlicha asoslantirilmagan

Usmonov 2022-yil fevralidan beri Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolmoqda, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya ham unga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

U umumiy yurisdiksiya sudida Yevropa sanksiyalariga e’tiroz bildirishga urinmoqda. Tadbirkor suddan apellyatsiya bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaguncha sanksiyalarni to‘xtatib turishni so‘radi.

Avvalroq Alisher Usmonovning Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSPP) boshqaruvini tark etishga qaror qilgani va pensiyaga chiqishi haqida xabar berilgandi.

Tadbirkor biznes boshqaruvidan nega ketganiga izoh berdi. Usmonov sanksiyalarga qaramay, O‘zbekistonda loyihalarini amalga oshirishda davom etish niyatida ekanligini bildirgan.