Hukumat qarori bilan xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarini brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida import qiluvchilar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, reestrga kirish uchun ariza beruvchi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ariza yuboradi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • ariza beruvchi xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarining brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • mahsulot yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan import shartnomalari;
  • tovarlarning sifati yoki xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • tovarning kelib chiqish mamlakati va ishlab chiqaruvchisi haqida dastlabki ma’lumot.

Xususan, ariza qabul qilingan kundan boshlab 20 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Ariza beruvchini va xalqaro brendlar tovarlarining Reestrga kiritilganligi to‘g‘risidagi sertifikat 1 yil amal qilish muddati bilan beriladi.

Reestrga kiritish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lov qiymati har bir import shartnoma summasining, qo‘shimcha kelishuvlar bo‘yicha — qo‘shimcha kelishuv summasining 0,8%i miqdorida hisoblanib, ushbu miqdorga QQS alohida qo‘shilgan holda undiriladi.

Sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun BHMning 5 barobari (1,5 mln so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Avvalroq, prezident tomonidan Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonun imzolangandi.