Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlat rahbari hududda amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar yuzasidan bir qator topshiriqlar berdi.

Jumladan, joriy yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi, buning natijasida 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, sanoatda importni $50 mlnga qisqartirib, eksportni kamida $250 mln.ga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Aholi uchun yana 8 ming 500 gektar ajratilib, dehqonlarga sharoit yaratib, suv ta’minotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravar oshirish va eksportni $250 mln.ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda energetika masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidro elektr stansiyasi hamda yangi 3 ta kichik va mikro GESda shu yilning o‘zida 350 mln kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Sherobod tumanida 457 Megavatt quvvatli yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha rejalar aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, Surxondaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trln so‘mga qo‘shimcha 465 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha $328 mln jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu orqali 325 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlab, Surxondaryoni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi.