Malika Tursunova Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyini tamomlagan.

Hozirda Fransiyaning Stratsburg universitetida, iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr ta’limini olmoqda.

U Islom taraqqiyot banki hamda Fransiya elchixonasi qoshidagi “Campus France” tashkilotining 100% lik grantini qo‘lga kiritgan.

Malika nima uchun Fransiyani tanlagani, grant uchun hujjat topshirish jarayonlari hamda mamlakatda talabalar uchun beriladigan chegirmalar haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


Nima uchun Fransiya

Men xorijda o‘qish haqida birinchi marta Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyida o‘qib yurganimda o‘ylashni boshlaganman.

Bunga sabab litseydagi muhit bo‘lgan. U yerda ko‘pchilik chet elda o‘qish harakati bilan yurardi va sekin-asta menda ham shu xohish paydo bo‘la boshlagan.

Men aslida Angliyada o‘qishni xohlardim, lekin u yerdagi universitetlar ancha qimmat va shu bilan birga kattaroq grant yutish ham qiyin edi.

Shunda Angliyada o‘qish g‘oyasidan voz kechishga majbur bo‘lganman.

Maktabda fransuz tilini o‘qitishgani bois Fransiya haqida o‘rgana boshladim.

Hujjat topshirish jarayonlari

Fransiyada (boshqa ba’zi Yevropa davlatlarida ham) oliy ta’lim deyarli tekin — bakalavr bosqichi uchun yiliga atigi 170 yevro to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

Bakalavr bosqichi uchun hujjat topshirish jarayoni kuzning boshlaridan dekabrgacha, magistratura uchun esa yanvar-fevral oylarigacha davom etadi.

O‘zbekistonda Fransiya universitetlariga mamlakat elchixonasi qoshidagi “Campus France” tashkiloti orqali topshirish mumkin.

fransiya, malika tursunova, xorijda ta'lim

Foto: Malika Tursunovaning shaxsiy arxividan

Ularga kerakli hujjatlarni berasiz hamda o‘qimoqchi bo‘lgan yo‘nalishingiz va 3 ta universitet tanlashingizni so‘rovchi “Dossier Blanc” arizasini to‘ldirasiz.

Shundan so‘ng, “Campus France” mazkur hujjatlarni universitetlarga o‘zi yuboradi.

Hujjatlarni “Campus France” tashkilotiga shaxsan olib borib topshirish kerak, ya’ni onlayn topshirish imkoniyati yo‘q.

Universitetlarga topshirish uchun sizdan quyidagi hujjatlar so‘raladi:

  • motivatsion xat;
  • CV/Resume;
  • maktab baholarini ko‘rsatuvchi transkriptlar;
  • shahodatnoma;
  • tilni bilish haqida sertifikat;
  • tavsiya xatlari (magistratura uchun).

Til masalasiga kelsak, fransuz tilini bilish majburiy yoki majburiy emasligi siz o‘qishga topshiradigan dasturga bog‘liq.

Agar ingliz tilida o‘tiladigan dasturga topshirsangiz, fransuz tilini bilish majburiy emas.

Har bir universitet o‘z talablaridan kelib chiqib, fransuz tilidagi dasturlar uchun TCF, DELF/DALF, ingliz tilidagi dasturlar uchun esa IELTS yoki TOEFL sertifikatlarini so‘rashi mumkin.

Shuningdek, taqdim etiladigan hujjatlar ham siz o‘qishni tanlagan tilga tarjima qilingan bo‘lishi kerak.

100%lik grant dasturi

Men qo‘lga kiritgan grant bu — Islom taraqqiyot banki hamda “Campus France” tashkilotlari qo‘shma granti hisoblanadi.

Bu grant deyarli barcha xarajatlarni qoplaydi. Xususan, o‘qish va viza xarajatlari qoplab beriladi va oylik 700 yevro stipendiya ajratiladi.

Agar universitet yotoqxonasidan tashqarida, ijara uyda yashasangiz va 26 yoshdan yuqori bo‘lmasangiz, Fransiya hukumati sizga qo‘shimcha mablag‘ ajratadi.

Masalan, men ijara uchun oyiga 550 yevro to‘layman, shuning 230 yevrosini Fransiya hukumati menga shunchaki talaba bo‘lganim va universitetdan tashqarida ijarada yashayotganim uchun beradi.

Aytgancha, bu imtiyozdan foydalanish uchun hech qanday moliyaviy hujjat talab qilinmaydi va Fransiya fuqarosi bo‘lish ham shart emas.

fransiya, malika tursunova, xorijda ta'lim

Foto: Malika Tursunovaning shaxsiy arxividan

Viza olish jarayonlari

Fransiyaga talaba sifatida viza olish unchalik qiyin jarayon emas.

Talaba vizasini olish uchun siz quyidagi hujjatlarni mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasiga topshirasiz:

  • ariza;
  • universitetga qabul qilinganlik haqida xat;
  • moliyaviy holatni aks ettiruvchi hujjat (ota-ona daromadi yoki bank hisobi);
  • viza to‘lovi to‘langanini tasdiqlovchi hujjat;
  • tibbiy sug‘urta;
  • passport/ID;
  • Fransiyada yashash joyingizni tasdiqlovchi hujjat;
  • Fransiyaga uchish uchun aviabiletlar (har doim ham so‘ralmasligi mumkin).

Agar siz topshirgan barcha hujjatlar ishonchli bo‘lsa va elchixonadagilar moliyaviy ahvolingiz yetarli darajada ekanligiga ishonishsa, siz katta ehtimol bilan vizani qo‘lga kiritasiz.

Men to‘liq grant yutganim uchun viza olishim juda oson kechgan.

Yashash xarajatlari

Fransiyada talabalar uchun juda ko‘p chegirmalar mavjud. Bu talabalarga ko‘proq pul tejashga imkon beradi.

Masalan, men har oy oziq-ovqatlar uchun 150−250 yevro, Fransiya hukumati ijara xarajatimning yarmini qoplab bergani evaziga esa ijara uchun oyiga 320 yevro sarflayman.

Bular asosiy oylik xarajatlarim hisoblanadi.

Talaba sifatida ishlash. Fransiyadagi xalqaro talabalar haftasiga 20 soat qonuniy ishlashlari mumkin.

Bu yerda soatiga taxminan 10 yevrodan to‘lanadi, lekin soliqlardan keyin bu 8 yevrogacha tushishi mumkin.

Men qo‘lga kiritgan grant barcha xarajatlarimni qoplagani uchun hech qayerda ishlamayman, asosiy e’tiborni o‘qishga qarataman.

Fransiyada o‘qishning yaxshi va yomon jihatlari

Uydan uzoqda bo‘lishni aytmasa boshqa yomon tomonlari deyarli yo‘q.

Menga unchalik yoqmagan bir narsa bu o‘tiladigan fanlarni o‘zim to‘liq tanlay olmasligim bo‘lgan.

fransiya, malika tursunova, xorijda ta'lim

Foto: Malika Tursunovaning shaxsiy arxividan

Masalan, o‘tgan yili huquq, tarix kabi fanlarni o‘qishga majbur bo‘lganman, garchi soham iqtisodiyot bo‘lsa ham.

Yaxshi tomonlariga kelsak, ular ko‘p. Birinchi o‘rinda sifatli ta’limni aytib o‘tishim lozim.

Universitetimizdagi ko‘p professorlar doktorlik dissertatsiyasini yoqlashgan. Ular turli tadqiqotlar o‘tkazishadi, katta darajadagi konferensiyalarda qatnashishadi va talabalarda ulardan sifatli bilim olish imkoni bo‘ladi.

Eng muhimi, talabalar bu imkoniyatlardan foydalanish uchun deyarli o‘zlaridan xarajat qilishmaydi.

Yana bir yaxshi tomoni shundaki, oldinroq aytganimdek Fransiyada talabalar uchun doim chegirmalar bo‘ladi.

Masalan, universitet oshxonalarida ancha arzon narxga, ya’ni 1 yevroga ovqatlanishingiz mumkin. Bu 1 yevro ichiga salad, asosiy ovqat va desert kiradi.

Tibbiy xizmatlar uchun ham 70%lik chegirma bor va buning uchun doimiy tibbiy sug‘urta to‘lab borish shart emas.

Ba’zi xizmatlardan foydalanish hatto tekin ham. Masalan, men Fransiyadagi muzeylarga kirmoqchi bo‘lsam, buning uchun pul to‘lashim shart emas.

Va bu yerdagi eng muhim va yaxshi jihatlardan biri — bu ajoyib karyera qurish imkoniyatlari.

Sababi Fransiyada mashhur brendlar, kompaniyalar ko‘p va bu yerda tahsil olganingiz mazkur kompaniyalarga ishga topshirganingizda sizga ustunlik beradi.


Avvalroq “Spot” Italiyaning Padua universiteti magistranti Sitora Salaeva hikoyasini taqdim etgandi.