Yanvar-mart oylarida umumiy pul tushumlari 140,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida qayd etilgan.

Naqd pul va terminal tushumlari bo‘yicha ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 37% ga oshdi.

Xususan, terminal orqali tushumlar ulushi 2022-yil birinchi choragidagi 31,2%dan 2023-yilning mos davrida 37,6%ga o‘sgan.

2023-yil yanvar-mart oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 173,9 trln so‘mni tashkil etgan, o‘sish esa 23,6%ga oshgan.

Banklarga naqd pul tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,2%ga o‘sib, 87,8 trln so‘mni tashkil qildi.

Joriy yilning birinchi choragida bank kassalaridan (bankomatlardan) berilgan naqd pullar o‘tgan yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 23%ga ko‘paydi va 86,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, yanvar-mart oylarida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 2,2 trln so‘mga kamaygan.

Joriy yilning 1-aprel holatiga muomalaga chiqarilgan banknotlarning nominal qiymati bo‘yicha ulushi quyidagicha:

  • 100 000 so‘mlik — 42,5%;
  • 50 000 so‘mlik — 26%;
  • 200 000 so‘mlik — 13,5%;
  • 10 000 so‘mlik — 8,1%;
  • 5 000 so‘mlik — 5,9%;
  • 20 000 so‘mlik — 2,8%;
  • 1 000 so‘mgacha — 0,8%;
  • 2 000 so‘mlik — 0,4%.

Avvalroq 1-mayga qadar Toshkentda eksperiment tarzida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida naqd pul yechish xizmatini ko‘rsatish amaliyoti joriy etililishi ma’lum qilingandi.