Prezident raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

2021-yilda 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga to‘langan ijtimoiy soliqni qaytarib berish amaliyoti joriy qilingandi.

Bundan 9 mingdan ziyod korxona foydalanib ularga 150 mlrd so‘mlik ijtimoiy soliq qaytarilgan hamda 100 ming yoshlar bandligi ta’minlandi. Shu bois, bu tajribani yana 2 yilga uzaytirishga qaror qilingani ta’kidlandi.

1-iyundan “yoshlar daftari"ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan amaliyot tizimini joriy qilish topshirildi.

Yoshlar o‘rtasida IT, reklama, kino, arxitektura, dizayn, marketing, hunarmandchilik, rassomchilik kabi yo‘nalishlarga qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, viloyat hokimlariga yil yakunigacha bittadan “Kreativ park” tashkil etish topshirildi.

Ularda “IT Park” rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qo‘llanadi.

Buning uchun “Yangi O‘zbekiston yoshlari tashabbuslari” jamg‘armasi va elektron platformasi tashkil qilinib, jamg‘armaga $100 mln yo‘naltiriladi.

Mazkur mablag‘lar iqtidorli yoshlarning eng yaxshi g‘oya, startap va loyihalariga qulay va yengil shartlarda, zarur bo‘lsa, foizsiz va garovsiz ajratiladi.

Yig‘ilishda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini ishlatish tizimi ham o‘zgarishi ma’lum qilindi.

Bu jamg‘arma yoshlarni ko‘proq kasbga, tadbirkorlikka o‘rgatib, bandligini ta’minlashga xizmat qilishi kerak bo‘lsa-da, hokimlar atigi 10% mablag‘ni bandlikka yo‘naltirgan.

“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan 25 ta yordamning 5 tasidan foydalanmoqda.

Shu sabab, endi yoshlarga kasbga o‘qish, mehnat quroli, urug‘-ko‘chatga subsidiya kabi turdosh xizmatlardan bir vaqtning o‘zida foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Urug‘ va ko‘chat uchun 2,5 mln so‘m o‘sha hududdagi urug‘-ko‘chat xo‘jaliklaridan sotib olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.

“Yoshlar daftari” bilan ishlashda yoshlarni animatsiya, dizayn, logistika operatori, gid kabi zamonaviy kasblarga o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu tizim bilan maktablarning 10−11-sinf o‘quvchilari ham qamrab olinadi.

Bundan buyon “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘ining kamida 40%i aynan kasb-hunarga o‘qitishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, joriy yilda zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi va kamida 25 ming nafar yoshlar o‘qitiladi.

Ehtiyojga qarab, bunga yana mablag‘ ajratilishi qayd etilgan.