Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va “Google” kompaniyasining davlat organlari bilan hamkorlik va ommaviy siyosat boshqarmasi boshlig‘i Olga Skoroxodova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tajriba almashish va malakali mutaxassislar sonini ko‘paytirish maqsadida “Google” va O‘zbekistonning asosiy IT-kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mehmonlarga IT-Park faoliyati, rezidentlar uchun yaratib berilgan sharoitlar, xorijiy kompaniyalar uchun imkoniyatlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston IT va BPO sohalarini yanada rivojlantirish hamda kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, AKT sohasidagi ish o‘rinlari, vakolatlar va ta’lim yo‘nalishida hamkorlik bo‘yicha fikrlar almashildi.


Avvalroq “Spot” “Google Cloud” bepul dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.

Unda Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va Afg‘onistondagi “Google Developers” hamjamiyati a’zolari ishtirok etishi mumkin.

Dastur data-muhandislar va data-scientist, axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar, backend dasturchi kabilar uchun mo‘ljallangan.